RAQAMLI MARKETINGDA ISTEʼMOLCHILAR HUQUQLARINI BUZGANLIK UCHUN FUQAROLIK-HUQUQIY JAVOBGARLIKNI TAKOMILLASHTIRISH MASALALARI
Kalit so‘zlar:
raqamli marketing, isteʼmolchilar huquqlari, fuqarolik-huquqiy javobgarlik, shartnomaviy javobgarlik, delikt javobgarlik, raqamli platformalar, sunʼiy intellekt, “Big Data”, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, huquqiy tartibga solishAnnotatsiya
Mazkur maqolada raqamli marketing sohasida isteʼmolchilar huquqlarini buzganlik uchun fuqarolik-huquqiy javobgarlikni takomillashtirishning nazariy va amaliy jihatlari kompleks tahlil qilingan. Tadqiqotda raqamli marketing munosabatlarining oʻziga xos xususiyatlari, jumladan, sunʼiy intellekt, algoritmik qaror qabul qilish tizimlari, “Big Data” texnologiyalari, avtomatlashtirilgan tavsiya tizimlari, shaxsiy maʼlumotlarga ishlov berish, raqamli platformalar, marketpleyslar hamda transchegaraviy raqamli xizmatlarning huquqiy tartibga solishga taʼsiri yoritilgan. Tadqiqotning maqsadi raqamli marketing sohasida isteʼmolchilar huquqlarini buzganlik uchun fuqarolik-huquqiy javobgarlik institutining nazariy asoslarini tahlil qilish, amaldagi qonunchilik va ilmiy qarashlarni oʻrganish hamda uni takomillashtirish yuzasidan ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqot davomida qiyosiy-huquqiy, tizimli, mantiqiy, tahliliy va sivilistik tadqiqot metodlaridan foydalanildi. Fuqarolik-huquqiy javobgarlikning shartnomaviy va delikt shakllari, huquqbuzarlik tarkibining asosiy elementlari: gʻayriqonuniy xatti-harakat, zarar, sababiy bogʻlanish va ayb kabilar raqamli muhitning algoritmik hamda platforma xususiyatlari nuqtayi nazaridan baholandi. Chalgʻituvchi interfeyslar, yashirin reklama, soxta sharhlar, algoritmik manipulyatsiyalar, shaxsiy maʼlumotlardan noqonuniy foydalanish va boshqa raqamli marketing huquqbuzarliklarining fuqarolik-huquqiy oqibatlari tahlil qilindi. Tadqiqot yakunida isteʼmolchilar huquqlarini samarali himoya qilish, raqamli bozorda halol raqobatni taʼminlash hamda Oʻzbekiston fuqarolik qonunchiligini xalqaro standartlar va raqamli iqtisodiyot talablariga mos ravishda takomillashtirishga qaratilgan ilmiy xulosalar hamda amaliy takliflar ishlab chiqildi.



