OʻZGANING YER UCHASTKASIDAN CHEKLANGAN TARZDA FOYDALANISH (SERVITUT) HUQUQI
Kalit so‘zlar:
servitut, drenaj ishlari, yer uchastkasi, koʻchmas mulk, ekinzorlar, elektr uzatgich, aloqa, quvur tarmoqlari, ommaviy servitut, xususiy servitut, oʻtish servitutiAnnotatsiya
Mazkur maqola yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut)-ning huquqiy asoslari, mohiyati va amaliy ahamiyatiga bagʻishlangan. Yer resurslarini huquqiy muhofaza qilish va undan oqilona foydalanishni taʼminlashga alohida eʼtibor berilayotgan hozirgi paytda yer uchastkasi egalari va boshqa manfaatdor tomonlar oʻrtasida servitut munosabatlarining shakllanishi, tartibga solinishini oʻrganish dolzarb masaladir. Shu bois servitutning fuqarolik va yer huquqi doirasidagi oʻrni, unga oid milliy qonunchilik, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi va Yer kodeksining tegishli normalari bilan birga, servitutning vujudga kelish asoslari, belgilash tartibi va uni davlat roʻyxatiga olish masalalari koʻrib chiqildi. Xususan, maqolada servitutni sud orqali oʻrnatish va tomonlar oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga kelganda nizolarni hal etish tartiblari, servitutning turlari, muddati, haq toʻlash lozim boʻlgan holatlar va uni bekor qilish shartlari muhokama qilindi. Servitutning milliy qonunchiligimizda izohlanishi va ushbu tushunchaga nisbatan olimlarning munosabatlari empirik, tarixiy, qiyoslash metodlaridan foydalangan holda tadqiq qilindi. Muallif servitutning ijtimoiy-mulkiy munosabatlarni tartibga solishda muhim huquqiy institut ekanini taʼkidlab, yer uchastkasidan foydalanishning samaradorligini oshirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish boʻyicha oʻz taklif va tavsiyalarini bayon etdi. Ushbu tavsiyalar yuristlar, yer huquqi boʻyicha mutaxassislarga amaliyotda, ilmiy tadqiqotchilar uchun esa ilmiy izlanishlarida foydali manba boʻlib xizmat qiladi.