XALQARO TIJORAT ARBITRAJINING RAQAMLI TRANSFORMATSIYASI: HUQUQIY ASOSLAR, INSTITUTSIONAL MUAMMOLAR VA RIVOJLANISH ISTIQBOLLARI
Kalit so‘zlar:
xalqaro tijorat arbitraji, raqamli transformatsiya, onlayn arbitraj, elektron dalillar, kiberxavfsizlik, maxfiylik, sun’iy intellekt, ADR, institutsional plyuralizmAnnotatsiya
Maqola O‘zbekiston Respublikasida xalqaro tijorat arbitrajining raqamli transformatsiyasini huquqiy, protsessual, institutsional va texnologik jihatdan kompleks tadqiq etishga bag‘ishlangan. Tadqiqotning maqsadi milliy huquqiy tizim va arbitraj institutlarining raqamli muhitda arbitraj muhokamasini samarali, adolatli va xavfsiz tashkil etishga tayyorlik darajasini baholash hamda uni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini asoslashdan iborat. Formal-yuridik, tizimli, qiyosiy-huquqiy va funksional metodlar asosida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tijorat arbitraji, elektron hujjat aylanishi, elektron imzo, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish va kiberxavfsizlik sohasidagi qonunchiligi, shuningdek YUNSITRAL standartlari va xalqaro tavsiyalar tahlil qilingan. Tadqiqot natijasida O‘zbekistonda raqamli arbitraj uchun bazaviy normativ-huquqiy shart-sharoitlar shakllanganligi, biroq mavjud huquqiy va institutsional mexanizmlarni yagona raqamli arbitraj ekotizimiga integratsiya qilish zarurligi asoslantirilgan. Onlayn va gibrid eshituvlar, elektron dalillar, ishtirokchilarni identifikatsiya qilish, maxfiylik, kiberxavfsizlik va sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanishning ustuvor yo‘nalishlari aniqlangan. Muallif tomonidan raqamli arbitrajni rivojlantirishning “markazlashtirilgan infratuzilma – institutsional plyuralizm” konsepsiyasi ilgari surilgan. Uning milliy modeli sifatida “Toshkent ADR markazi”, mintaqaviy modeli sifatida esa “Samarqand ADR platformasi”ni shakllantirish taklif etilgan. Shuningdek, sun’iy intellektdan yordamchi vosita sifatida foydalanish imkoniyati e’tirof etilgan holda, arbitraj qarorini qabul qilishda insonning yakuniy protsessual mas’uliyati prinsipi asoslantirilgan. Raqamli arbitrajning istiqbolli modeli texnologik neytrallik, protsessual tenglik, taraflar irodasi avtonomiyasi, maxfiylik, xavfga mutanosib axborot xavfsizligi, inson nazorati va xalqaro muvofiqlik prinsiplariga asoslanishi lozimligi haqidagi xulosaga kelingan.



