XORIJIY DAVLATLAR JINOYAT PROTSESSIDA HAY’AT A’ZOLARI SUDI INSTITUTI VA UNI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA JORIY ETISH ISTIQBOLLARI
Kalit so‘zlar:
hay’at a’zolari sudi, jinoyat protsessi, jinoyat sud ishlarini yuritish, sud-huquq islohoti, hay’at a’zolari sudining aralash modeli, hay’at a’zolari sudining kontinental modeliAnnotatsiya
Mazkur maqolada hay’at a’zolari sudi institutining nazariy va amaliy jihatlari, uning jinoyat sud ishlarini yuritish tizimidagi o‘rni, shuningdek, ushbu institutning O‘zbekiston Respublikasida joriy etish istiqbollari ko‘rib chiqiladi. Tadqiqotda qiyosiy-huquqiy, tarixiy-huquqiy hamda tahliliy metodlardan foydalanilgan bo‘lib, ular anglo-sakson va kontinental huquq tizimidagi davlatlarda, shuningdek, bir qator postsovet davlatlarida, jumladan, Qozog‘iston, Rossiya va Qirg‘iziston hay’at a’zolari sudi faoliyatining xorijiy tajribasini o‘rganish imkonini berdi. Hay’at a’zolari sudining xorijiy modellari qiyosiy-huquqiy jihatdan tahlil qilinib, ularning ustuvorliklari va kamchiliklari yoritib berilgan. Milliy huquqiy hamda ijtimoiy-madaniy xususiyatlarni inobatga olgan holda, hay’at a’zolari sudi institutini bosqichma-bosqich joriy etish zarurati asoslab berilgan. Haqiqatni aniqlash prinsipi va taraflarning tortishuvi prinsiplari o‘rtasidagi mutanosiblikning bahsli masalalari, shuningdek, hay’at a’zolarining mustaqilligini ta’minlash muammolari ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, hay’at a’zolari sudining klassik va aralash modellarining o‘ziga xos xususiyatlari, ularning ustuvorliklari hamda amaliyotga tatbiq etishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi. O‘tkazilgan tahlillar asosida muallif milliy huquqiy va madaniy xususiyatlarni inobatga olgan holda, O‘zbekistonda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarga oid ishlar bo‘yicha hay’at a’zolari sudi institutini bosqichma-bosqich joriy etish, kadrlarni tayyorlash, samarali protsessual kafolatlarni yaratish hamda qonunchilik bazasini takomillashtirish maqsadga muvofiq degan xulosaga keladi.



