Yuridik fanlar axborotnomasi 1-son 2025

Ushbu sonda keyingi mavzular yoritilgan

Tulteyev Ilyas Tavasovich

yuridik fanlar doktori, Toshkent davlat yuridik universiteti Ma’muriy-moliyaviy huquq kafedrasi professori

Annotatsiya
Maqolada qonun ijodkorligida huquqiy tushunchalar va terminologik apparatdan foydalanishning nazariy va uslubiy asoslariga doktrinal yondashuvlar ko‘rib chiqildi. Tadqiqotda qo‘llanadigan ilmiy bilish, qonun ijodkorligi jarayonini tavsiflovchi ilmiy-amaliy materialni umumlashtirish va tahlil qilish usullari tushuncha va atamalarning huquqiy tartibga solish mexanizmidagi rolini aniqlash imkonini berdi. Maqolada qonun ijodkorligi faoliyati subyektlari tomonidan huquqiy atamalarni qo‘llash holati va muammolari qisqacha tahlil qilingan. Qonun ijodkorligi jarayonida ishlab chiqilgan konseptual va terminologik apparatning ayrim kamchiliklari hamda nomuvofiqliklari, ularning huquqiy tartibga solish sifati, samaradorligiga ta’sirini aniqlashda amaldagi qonun hujjatlarining aniq misollaridan foydalanildi. Huquqiy tushuncha va atamalarning mohiyatini nazariy tahlil qilish asosida ularning qonun ijodkorligi faoliyatidagi qiymati va ahamiyati ochib berildi, shuningdek, huquq ijodkorligi jarayonida ularni to‘g‘ri va asosli qo‘llash talablari tahlil qilindi.

Ashurov Dilshod Rustamovich

Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi

Annotatsiya
Maqola Oʻzbekistonda notariat institutining tashkiliy-huquqiy asoslari va oʻzini oʻzi boshqarish tahliliga bagʻishlangan. Ishda respublikada notarial tizim rivojlanishining asosiy bosqichlari, birinchi notarial organlarning shakllanishi va SSSRning soʻnggi yillarida huquqiy tartibga solishda sodir boʻlgan oʻzgarishlar koʻrib chiqilgan. Notarius faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar tahlili hamda uning kasbiy tayyorgarligi va akkreditatsiyasi jarayoniga alohida eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, maqolada Oʻzbekistonda notariatning tashkil etilishiga sovet huquq tizimining taʼsiri tadqiq etilib, sovet davrida mavjud boʻlgan asosiy muammolar va oʻziga xosliklar ochib berilgan hamda ularning keyingi davrda notariat yo‘nalishining rivojlanishiga taʼsiri tahlil qilingan. Shu bilan birga, maqolada sobiq Ittifoqda umumiy yuridik islohot doirasida notariat faoliyatini yaxshilash maqsadida Oʻzbekistonda koʻrilgan huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlar ham koʻrib chiqilgan. …

Imamova Dilfuza Ismailovna

yuridik fanlar nomzodi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari kafedrasi professori

Annotatsiya
Maqolada xalqaro distribyutorlik va agentlik shartnomalarining asosiy jihatlari, shuningdek, ular orasidagi o‘xshashlik va farqlar tahlil qilinadi. Tadqiqot predmetini xalqaro distribyutorlik va agentlik shartnomalarining huquqiy tartibga solinishi tashkil etadi. Tadqiqotning maqsadi ushbu shartnomalarning turli huquqiy tizimlardagi tartibga solinishiga xos xususiyatlarni aniqlash hamda ularning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida huquqiy mustahkamlash zarurligini asoslashdan iborat. Mavzuning dolzarbligi xalqaro savdo aloqalarining jadallashuvi, transchegaraviy faoliyatda vositachilik shartnomalarini aniq huquqiy tartibga solish zarurati, shuningdek, ushbu turdagi shartnomalar bo‘yicha qo‘llanadigan huquq va huquqiy normalarning O‘zbekiston amaldagi qonunchiligida mavjud emasligi bilan bog‘liq. Tadqiqot muammosi – xalqaro darajada yagona standartlarning yo‘qligi va milliy huquqiy tartibga solishdagi bo‘shliqlar, bu esa huquqni qo‘llashni qiyinlashtiradi va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun huquqiy noaniqlikni keltirib chiqaradi. Tadqiqot metodologiyasi Yevropa Ittifoqi, AQSh va Lotin Amerikasi mamlakatlarining qonunchiligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti, xalqaro tavsiyalar, model shartnomalar, shuningdek, ilmiy-nazariy manbalar asosida qiyosiy-huquqiy tahlil usuliga asoslandi. Sistemali, mantiqiy va formal-huquqiy tahlil metodlari qo‘llangan. Tadqiqot natijalari turli mamlakatlarda distribyutorlik va agentlik shartnomalarining tartibga solinishi borasida sezilarli farqlar mavjudligini ko‘rsatdi: Yevropa Ittifoqida agentlik shartnomalari 86/653/EEC Direktivasiga muvofiq qat’iy tartibga solinadi; AQShda distribyutorlar mustaqil tadbirkorlik faoliyatiga yaqin bo‘lgan erkinlikka ega; Lotin Amerikasi mamlakatlarida ushbu turdagi shartnomalarni qamrab oluvchi keng qamrovli qonunchilik mavjud.

Abdusamadova Zarina Shobiddin qizi

Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi

Annotatsiya
Mazkur maqola yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut)-ning huquqiy asoslari, mohiyati va amaliy ahamiyatiga bagʻishlangan. Yer resurslarini huquqiy muhofaza qilish va undan oqilona foydalanishni taʼminlashga alohida eʼtibor berilayotgan hozirgi paytda yer uchastkasi egalari va boshqa manfaatdor tomonlar oʻrtasida servitut munosabatlarining shakllanishi, tartibga solinishini oʻrganish dolzarb masaladir. Shu bois servitutning fuqarolik va yer huquqi doirasidagi oʻrni, unga oid milliy qonunchilik, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi va Yer kodeksining tegishli normalari bilan birga, servitutning vujudga kelish asoslari, belgilash tartibi va uni davlat roʻyxatiga olish masalalari koʻrib chiqildi. Xususan, maqolada servitutni sud orqali oʻrnatish va tomonlar oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga kelganda nizolarni hal etish tartiblari, servitutning turlari, muddati, haq toʻlash lozim boʻlgan holatlar va uni bekor qilish shartlari muhokama qilindi. …

Yermekbayev Bauirjan Amantayevich

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Jinoyat huquqi, protsessi va kriminalistika kafedrasi assistent o‘qituvchisi

Akmalov Hamid Akmal o‘g‘li

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Yuridik fakulteti talabasi

Annotatsiya
Ushbu maqolada jinoyat protsessida tergov harakati hisoblangan olib qoʻyish tushunchasi va olib qoʻyish tergov harakatini oʻtkazishda shaxs huquqlari va qonuniy manfaatlarining protsessual kafolatlari masalalari atroflicha tahlil qilingan. Bunda olib qoʻyish tushunchasi boʻyicha jinoyat-protsessual qonunchiligida belgilangan normalar, soha mutaxassislari va olimlarning bu boradagi qarashlari oʻrganilgan. Oʻz navbatida, olib qo‘yish tushunchasining tintuv tergov harakati tushunchasidan farqli jihatlari ochib berilgan. Jinoyat-protsessual qonunchiligida tergovchiga olib qoʻyish oʻtkazishda shaxs huquqlari, erkinliklari va manfaatlariga taalluqli boʻlgan masalalarni hal qilish boʻyicha keng vakolatlar berilgan boʻlib, ushbu maqolada tergov jarayonida tintuv oʻtkazishda tergovchi va ishtirokchilar amal qilishi zarur boʻlgan shartlar tahlil qilingan. …

Barakayev Lazizjon Otaqulovich

Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mustaqil izlanuvchisi

Annotatsiya
shbu maqolada jinoyat protsessida maxsus iqtisodiy bilimlar tushunchasi, mohiyati va ahamiyati chuqur tahlil qilingan. Xususan, maxsus iqtisodiy bilimlarning mazmun-mohiyati, asosiy elementlari va oʻziga xos belgilari ilmiy-nazariy jihatdan atroflicha oʻrganilgan. Maqolada maxsus iqtisodiy bilimlarning jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish va sudda koʻrib chiqish jarayonidagi oʻrni va ahamiyati, shuningdek, ulardan foydalanishning protsessual shakllari tadqiq etilgan. Muallif maxsus iqtisodiy bilimlarning boshqa sohalardagi maxsus bilimlardan farqlovchi xususiyatlarini tahlil qilib, ularning oʻziga xos jihatlarini aniqlagan. Shuningdek, maqolada maxsus iqtisodiy bilimlardan jinoyat protsessida foydalanishning dolzarb amaliy muammolari yoritilgan. …

Ahmadjonov Murodullo Nurali o‘g‘li

Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi, Namangan viloyati Kosonsoy tumani prokurori yordamchisi

Annotatsiya
Ushbu maqolada korrupsiyaning kuchayib borayotgan global ahamiyati hamda uning demokratiya, inson huquqlari va barqaror rivojlanish maqsadlariga salbiy ta’siri yoritilgan; adabiyotlar sharhi va ikkilamchi ma’lumotlar tahlillaridan foydalanib, korrupsiyaning tarqalishi, uning turli shakllari va ayniqsa, davlat boshqaruvidagi oqibatlariga alohida e’tibor qaratilgan; korrupsiyaning jamiyat ishonchini susaytirishi, institutsional samaradorlikni pasaytirishi, resurslarni noto‘g‘ri taqsimlashi va sog‘liqni saqlash kabi muhim sohalarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi o‘rganilgan. Tadqiqotda, shuningdek, halollik madaniyatini shakllantirish, jamoatchilik xabardorligini oshirish hamda davlat xizmatlarida shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlashning muhimligi kabi masalalar tahlil qilingan. Korrupsiyaning davlat boshqaruvi samaradorligi bilan o‘zaro aloqasini baholash, uning davlat boshqaruvi institutlariga ta’siri va davlat xizmatlari ko‘rsatishda qanday salbiy oqibatlar olib kelishi bayon etilgan. Shu bilan birga, maqolada tizimli islohotlar, shaffoflik, hisobdorlik, davlat xizmatchilari axloqiy kodeksini tubdan takomillashtirish va korrupsiyani samarali tarzda bartaraf etishga qaratilgan boshqa sa’y-harakatlar zarurligi ta’kidlangan. …

Turdiyev Bobir Sobirovich

Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi katta prokurori

Annotatsiya
Tabiatni muhofaza qilishdan asosiy maqsad inson salomatligi hamda uning hayot uchun qulay va sof tabiiy muhitga boʻlgan ajralmas huquqini taʼminlashdan iborat. Ushbu maqolada insonning qulay atrof-muhitga boʻlgan huquqining huquqiy va konstitutsiyaviy jihatlari tahlil qilinadi. Bu huquq global miqyosda mustaqil huquq sifatida tobora keng tan olinmoqda. Tadqiqotda mazkur huquqning asosiy xususiyatlari, qamrovi va amalga oshirish mexanizmlari ilmiy adabiyotlar, xalqaro huquqiy normalar hamda milliy va xorijiy davlatlarning qonunchiligi asosida koʻrib chiqiladi. Maqolada qulay atrof-muhit huquqining rivojlanishi, uning fundamental inson huquqlari bilan bogʻliqligi va bilvosita ularning tarkibidan shakllanib chiqib, bugungi kunda 160 dan ortiq mamlakatlarning milliy konstitutsiyalari va qonunchiligida alohida tan olingan va sud orqali himoya qilinadigan mustaqil huquqqa aylanishi boʻyicha bosib oʻtgan yoʻli tahlil qilinadi. …

Yunusova Minavvarxon Sabirovna

Toshkent davlat yuridik universiteti Umumtaʼlim fanlar va madaniyat kafedrasi professori, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Annotatsiya
Maqolada jamiyatda zararli axborotning tarqalishi va ijtimoiy tarmoqlardagi muloqotlarning zoʻravonlik shakliga aylanishi masalalari nazariy va amaliy jihatdan yoritilgan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda zoʻravonlik, tahqirlash va kiberbulling kabi holatlarning ko‘payishi hamda ularning oldini olish yo‘llari o‘rganilgan. Hozirgi kunning dolzarb muammolaridan biri – bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish va axborot xavfsizligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur yo‘nalishda davlat organlarining faoliyati va ularning amalga oshirayotgan amaliy choralari tahlil qilingan. Shuningdek, yoshlarni zararli axborotlar ta’siridan asrash hamda ijtimoiy tarmoqlarda zo‘ravonlikka duchor bo‘lish xavfini kamaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Maqolada zararli axborotning turlari va uning inson ruhiyatiga salbiy ta’siri tahlil qilingan. Zararli axborotlarning yosh toifalari bo‘yicha tasnifi keltirilgan. …