ARIZANI KOʻRMASDAN QOLDIRISH VA XUSUSIY SHIKOYAT QILISH HUQUQI: AMALIYOT, MUAMMO VA TAKLIFLAR
Sultonova Sevinch Bekmurod qizi
Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi
Mirzayev Islomjon Xushnazar o‘g‘li
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti oʻqituvchisi, “BLG” AF advokati
Muallif haqida ma'lumot
Annotatsiya
Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida arizani koʻrmasdan qoldirish institutining huquqiy asoslari, amaliyotdagi muammolari va xususiy shikoyat kiritish imkoniyatining cheklanganligi tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi – arizani koʻrmasdan qoldirishga oid qonunchilik normalarining samaradorligini oʻrganish, amaliyotda yuzaga kelayotgan taraflarning protsessual huquqlarini cheklovchi holatlarni aniqlash va ushbu qonun normalarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqot metodologiyasi sifatida qonun hujjatlari, sud amaliyoti misollari va Oliy Sud rasmiy javoblari asosida huquqiy tahlil qoʻllandi. Natijalar shuni koʻrsatdiki, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 123-moddasidagi mavjud cheklovlar fuqarolarning sud himoyasi huquqini toʻliq taʼminlamayapti, davlat boji summasi katta miqdorda undirilib, sud qaroriga yuqori instansiyada shikoyat qilish imkoniyatining yoʻqligi amaliy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Muammo sudning adolatli muhokama va protsessual tenglik tamoyillariga zid ekanligi, shuningdek, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini cheklashi bilan tavsiflanadi. Ish natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 123-moddasini qayta koʻrib chiqish, barcha arizani koʻrmasdan qoldirish ajrimlari ustidan xususiy shikoyat kiritish huquqini joriy etish lozimligini koʻrsatadi. Taklif etilgan oʻzgartirishlar sudning qarorlarini yuqori instansiyada qayta koʻrib chiqish imkonini yaratib, huquqiy aniqlik va protsessual tenglikni taʼminlashga xizmat qiladi. Ushbu natijalar qonunchilikni takomillashtirish hamda fuqarolarning sud orqali samarali huquqiy himoyasini mustahkamlash sohasida amaliy ahamiyatga ega.
Kalit so'zlar
arizani koʻrmasdan qoldirish, xususiy shikoyat, sud amaliyoti, protsessual huquq, davlat boji, qonunchilik takomillashuvi