Yuridik fanlar axborotnomasi 4-son 2025

Ushbu sonda keyingi mavzular yoritilgan

Hayitov Sherzod Raxmatullayevich

Toshkent davlat yuridik universiteti Davlat va huquq nazariyasi kafedrasi professori v.b., yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori

Annotatsiya
Mazkur maqolada zamonaviy yondashuv asosida huquq ijodkorligi jarayonida so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgan usullardan biri – eksperimental huquqiy rejimlar (EHR)ning nazariy mohiyati, ularni qo‘llash mexanizmlari hamda qo‘llashning afzallik va kamchiliklari ilmiy asosda yoritib berilgan. Shuningdek, maqolada eksperimental huquqiy rejimlar (EHR)ning qonun ustuvorligi, tenglik va huquqiy aniqlik tamoyillariga ta’siri tahlil qilingan. Muallif rus va xorijlik huquqshunoslar fikrlariga tayangan holda, EHRlarning huquqiy va metodologik asoslarini yaratish zarurligini asoslaydi. Xususan, huquqiy eksperimentning huquq tizimidagi o‘rni, uning siyosiy-huquqiy shartlari, loyihalash va baholash bosqichlari, xalqaro va milliy tajribalar tahlil etilgan. Bundan tashqari, maqolada eksperimental huquqiy rejimlar huquqiy aniqlik, tenglik va adolat tamoyillariga xavf solishi mumkinmi, degan masala ham o‘rganilgan….

Maskayeva Natalya Gennadyevna

Belarus davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti, yuridik fanlar nomzodi

Annotatsiya
Maqola Polsha Respublikasining 1993-yil 16-apreldagi “Insofsiz raqobatga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunining 18-moddasi 1-bandi 3-qismida nazarda tutilgan, “tegishli mazmundagi va belgilangan shakldagi xabarnoma taqdim etish talabi” deb nomlanuvchi insofsiz raqobatdan fuqarolik-huquqiy himoya usuliga bagʻishlangan. Belarus Respublikasida insofsiz raqobatdan fuqarolik-huquqiy himoya institutining kamchiliklari tufayli huquqni qoʻllash amaliyotida samaradorlik pastligi kuzatiladi. Shu nuqtayi nazardan, sohada xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish dolzarb hisoblanadi. Maqolada umumiy ilmiy (tahlil va sintez, induksiya va deduksiya) hamda xususiy ilmiy (qiyosiy-huquqiy, rasmiy-yuridik, tizimli yondashuv, sud amaliyotini tahlil qilish usullari) metodlardan foydalanib, Polsha Respublikasi qonunchiligining mazkur va boshqa normalari, polyak olimlarining doktrinal yondashuvlari, shuningdek, “Insofsiz raqobatga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun normalarini qoʻllashda bahsli masalalar boʻyicha sud amaliyoti tahlil qilindi. …

Eshоnqulоv Jаvоxir Fаzliddinоvich

Tоshkent dаvlаt yuridik universiteti Kiber huquq kаfedrаsi o‘qituvchisi

Annotatsiya
Ushbu mаqоlаdа rаqаmli bоzоrdа iqtisоdiy kоnsentrаtsiyа tushunchаsi vа uning huquqiy jihаtdаn аniqlаnishidа yuzаgа kelаyоtgаn muаmmоlаr tаhlil qilingan. Tаdqiqоt mаvzusi fuqаrоlik vа tаdbirkоrlik huquqi sоhаsi (rаqоbаt huquqi)gа tegishli bo‘lib, rаqаmli plаtfоrmаlаr fаоliyаtidа bоzоr kоnsentrаtsiyаsini аniqlаshning o‘zigа xоs jihаtlаrigа eʼtibоr qаrаtilgan. Mаqоlаdа O‘zbekistоn Respublikаsining rаqоbаt to‘gʻrisidаgi milliy qоnunchiligi (2023-yilgi yаngi tаhrirdаgi qоnun) hаmdа Yevrоpа Ittifоqi, АQSh, Singаpur kаbi xоrijiy dаvlаtlаr tаjribаsi qiyоsiy-huquqiy usuldа o‘rgаnilgаn. Tаdqiqоt dаvоmidа nоrmаtiv-huquqiy hujjаtlаr tаhlili, stаtistik mаʼlumоtlаr mоnitоringi vа ilmiy-nаzаriy mаnbаlаr shаrhi kаbi usullаr yordamida rаqаmli bоzоrdа bоzоr chegаrаlаrini аniqlаsh, ustun mаvqeni belgilаsh, mаʼlumоtlаr ustunligi hаmdа аlgоritmik nаzоrаt kаbi yаngi оmillаrni hisоbgа оlish zаrurligi аsоslаb berilgan. …

Allakuliyev Mirjalol Davronbekovich

Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi

Annotatsiya
Ushbu maqola zamonaviy delikt huquqining eng murakkab va dolzarb muammolaridan birini, ya’ni foydalanuvchilar tomonidan raqamli platformalarda joylashtirilgan zararli kontent uchun javobgarlikni taqsimlash muammosini oʻrganadi. Muallif tuhmat, nafrat qoʻzgʻatish, intellektual mulk huquqlarining buzilishidan jabrlanganlarning huquqlarini himoya qilish zarurati bilan soʻz erkinligini taʼminlash va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish imperativlari oʻrtasidagi ziddiyatni tahlil qiladi. Shuningdek, muallif AQSh, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Germaniya va boshqa yurisdiksiyalar qonunchiligini qiyosiy-huquqiy tahlil qilish asosida tartibga solishning uchta asosiy modelini ajratib koʻrsatadi: 230-boʻlim boʻyicha platformalarning keng immunitetining Amerika modeli, xabardor qilish va olib tashlash mexanizmi bilan javobgarlikdan ozod qilishning Yevropa modeli va differensial javobgarlikning Germaniya modeli….

Otamirzayev Oybek Murodullo o‘g‘li

Toshkent davlat yuridik universiteti Ekologiya huquqi kafedrasi o‘qituvchisi

Annotatsiya
Bugungi kunda yerosti suvlari bilan bogʻliq munosabatlarni huquqiy tartibga solish zarurati tobora ortib bormoqda, chunki bu resurslar davlat iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega. Mazkur soha boʻyicha qonunchilikdagi ziddiyatlarni bartaraf etish, boʻshliqlarni toʻldirish hamda xorij tajribasi asosida u bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish bugungi kunning davr talabidir. Tadqiqot jarayonida yerosti suvlarining strategik muhimligi, ulardan oqilona foydalanish mexanizmlari hamda muhofaza choralariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Germaniya, Buyuk Britaniya, Ozarbayjon va boshqa yirik yurisdiksiyalar amaliyoti oʻrganilib tahlil qilindi. Tadqiqotda statistik, qiyosiy-huquqiy, tarixiy-huquqiy va empirik tahlil metodlaridan foydalanilgan holda milliy qonunchilikni takomillashtirish masalalari oʻrganildi. Natijada yerosti suvlari bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdagi asosiy normativ huquqiy hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Suv kodeksining ahamiyati, yerosti suvlari muhofazasida tutgan oʻrni va unga oʻzgartirishlar kiritish muhokama etildi. …

Raxmatova Dilafruz Ixtiyor qizi

Toshkent davlat yuridik universiteti tayanch doktoranti

Sayfullayev Feruz Botir oʻg‘li

“Angren Bunyod Fayz” MChJ Sanitar tozalash kompaniyasi Matbuot xizmati kotibi

Annotatsiya
Maqolada elektron chiqindilarning huquqiy tushunchasi, Oʻzbekiston Respublikasida ularni qayta ishlashning huquqiy jihatlari bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqilgan. Bundan tashqari, elektron chiqindilar tarkibining asoslari, uning tasnifi va ushbu toifaning umumiy maishiy chiqindilar tarkibida fragmental guruh sifatida ajratilishi tahlil etilgan. Elektron chiqindilar yoki e-chiqindilar utilizatsiya qilinishi kerak boʻlgan, foydalanish muddati tugagan elektron qurilmalar va komponentlar – batareyalar, zaryadlash qurilmalari, mobil telefonlar, kompyuterlar, televizorlar, maishiy texnika, oʻyin pristavkalari va boshqa elektronikalardir. Elektron chiqindilar allaqachon butun dunyda, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda katta muammoga aylandi. Bu mamlakatlarda tadbirkorlar zarur jihozlari va texnik xavfsizlik vositalari boʻlmasa-da, elektron chiqindilardan qimmatbaho materiallarni ajratib olish uchun foydalanadi. Bu faoliyat natijasida ajralib chiqadigan xavfli moddalar taʼsiri norasmiy qayta ishlash bilan shugʻullanuvchilar sogʻligʻiga jiddiy xavfni yuzaga keltiradi. …

Karaketova Dilnoza Yuldashevna

Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori

Annotatsiya
Maqolada jinoyat sodir etgan ayollar misolida jinoyat subyekti fakultativ belgisi, ya’ni jins omili bilan bog‘liq jihatlar atroflicha tahlil qilingan. Tadqiqotda ayollar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning statistik koʻrsatkichlari, ularning oʻsish dinamikasi va hududlar kesimidagi holati yoritilgan. Shu bilan birga, olimlarning jinoyatchi ayollarning xususiyatlari haqidagi ilmiy qarashlari tahlil qilingan hamda ayollar sodir etgan jinoyatlarning sabablari ijtimoiy, psixologik va biologik omillar bilan bogʻliq holda oʻrganilgan. Muallif JK va sud amaliyotida ayollarga nisbatan jazo tayinlashda bir qator yengilliklar mavjudligini, aksincha, homilador ayolga nisbatan jinoyat sodir etilishi jazoni ogʻirlashtiruvchi holat sifatida baholanishini taʼkidlagan. Tahlil shuni koʻrsatadiki, ayollarga nisbatan jazo qoʻllashda jinsga oid fakultativ belgilar va ijtimoiy-huquqiy xususiyatlar inobatga olinadi, bu esa jinoyat qonunchiligida tenglik prinsipi bilan bir vaqtning oʻzida ijtimoiy himoyani taʼminlashga xizmat qiladi. Sud amaliyoti misollarida jinoyat sodir etgan shaxsning ayol ekanligi jazo tayinlashda yengillashtiruvchi holat sifatida baholangan. …

Nurmanov Xolbek Rahmatilla o‘g‘li

Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi

Annotatsiya
Ushbu ilmiy maqolada muallif tomonidan jinoyatni sodir etish subyekti sifatida sunʼiy intellekt javobgarligi masalasi o‘rganiladi, jumladan, ushbu masalada yuridik fanda mavjud fikrlar, g‘oyalar, konsepsiyalar, ilmiy munozaralar atroflicha ko‘rib chiqiladi. Milliy qonunchilikda hozirgi kunda kiberjinoyatlarni sodir etish subyekti sifatida sunʼiy intellekt qilmishi uchun bevosita jinoiy javobgarlik choralari belgilanmagan. Ayni chog‘da rivojlangan xorijiy mamlakatlar (xususan, AQSh, Buyuk Britaniya) fan va amaliyotida, maxsus qonunlarida sunʼiy intellekt javobgarligiga oid bir qator huquqiy qoidalar shakllantirilgan (jumladan, uning bevosita yoki bilvosita javobgarligi shakllari haqida) bo‘lib, shu bois ushbu o‘ziga xos subyektning qilmishi yuzasidan javobgarlikni belgilashda jahon amaliyotida allaqachon shakllanib ulgurgan bir qator shart va talablarni inobatga olish zarur degan xulosaga kelingan. …

Djurabayev Rustam Turabbayevich

O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti Jangovar tayyorgarlik sikli o‘qituvchisi, dotsent, podpolkovnik

Annotatsiya
Maqolada tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari harakatlari algoritmining jinoyat-prosessual, kriminalistik va tezkor-tergov xususiyatlarini kompleks bilishga asoslangan qidiruvdagi jinoyatchilarni ushlash taktikasida ifodalanadigan jinoyatchilikka qarshi kurashishning yo‘nalishlaridan biri huquqiy tahlil qilingan. Shu bilan birga, qidiruvdagi jinoyatchilarni ushlashning taktik xususiyatlari ichki ishlar organlari bo‘linmalari tomonidan qo‘llanadigan qidiruv taktikasining bir turi sifatida hibsga olishni tashkil etish va amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan tergov organlarining jinoyat-qidiruv xizmati bo‘linmalari bilan o‘zaro hamkorligining zarur yo‘nalishlaridan biri sifatida qaraladi. Maqola doirasida o‘tkazilgan ilmiy tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, qidiruvdagi shaxslarni ushlashning ushbu turining taktikasi, shuningdek, ushlashda qo‘llanadigan taktik usullar masalalari tergov organlarining o‘zaro kelishilgan harakatlari nuqtayi nazaridan katta amaliy ahamiyatga ega. …

Inoyatov Nodirbek Xayitboy o‘g‘li

Toshkent davlat yuridik universiteti Kiber huquq kafedrasi o‘qituvchisi

Annotatsiya
Mazkur ilmiy maqolada sun’iy intellektning huquqiy shaxs maqomi masalasi Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston qonunchiligi misolida qiyosiy-huquqiy tahlil asosida o‘rganilgan. Tadqiqotda YIning “AI Act”, “AI Liability Directive” va “General Data Protection Regulation” kabi asosiy hujjatlari tahlil qilinib, ularning SI tizimlarini xavf darajasiga ko‘ra tartibga solish, inson huquqlarini himoya qilish va javobgarlikni aniqlashdagi o‘rni yoritilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasi, “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish” strategiyasi, “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus rejim tashkil etish va uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom va yangi qonun loyihalari asosida SI sohasida yaratilayotgan maxsus huquqiy rejimlar tahlil qilingan. Natijalar YI modelining inson markazidagi xavfga asoslangan yondashuvga tayanishini, O‘zbekiston modelining esa innovatsiyalar, iqtisodiy o‘sish va texnologik mustaqillikka yo‘naltirilganini ko‘rsatdi. …

Nosirova Marjona Negmat qizi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti tayanch doktoranti

Annotatsiya
Ushbu maqolada fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismi sifatida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ijtimoiy-siyosiy va huquqiy asoslari tahlil qilingan. Ularning inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini ta’minlashdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlari jamiyat va davlat o‘rtasida vositachi bo‘lib, o‘zaro hamkorlikni, davlatning fuqarolar oldidagi huquqiy va ijtimoiy majburiyatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi. Tadqiqot jarayonida O‘zbekiston Respublikasida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi asosiy qonun hujjatlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, O‘zbekiston qo‘shilgan inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy hujjatlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining roli tahlil qilingan. Aholining huquqiy madaniyatini shakllantirish, huquqiy ta’lim, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul huquqiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, joylarda inson huquqlariga rioya etilishini monitoring qilishda ushbu tashkilotlarning hissasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. …

Xudayberdiyeva Maftuna Zafar qizi

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti tayanch doktoranti

Annotatsiya
Ushbu tadqiqot Oʻzbekiston Respublikasi misolida bolalar huquqlarining xalqaro va milliy huquq tizimidagi oʻrnini kompleks tahlil qilishga bagʻishlangan. BMTning 1989-yilgi Bolalar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi universal normativ asos ekanligi, uni milliy huquq tizimlariga joriy etish ustuvor vazifa ekanligi belgilangan. Mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish sohasida muhim huquqiy islohotlar amalga oshirildi, qonunchilik bazasini takomillashtirishda sezilarli yutuqlarga erishildi. Shunga qaramay, amaldagi qonun hujjatlarining ijrosi va ularni amaliyotda qoʻllashda tizimli muammolar saqlanib qolayotgani aniqlangan. Xususan, bolalarning odil sudlovga va sud himoyasiga murojaat qilish imkoniyatlarini kafolatlovchi mexanizmlarning yetishmasligi, raqamli texnologiyalar davrida yuzaga kelayotgan yangi tahdidlar, xususan, kiberbulling va onlayn zoʻravonlikdan huquqiy himoya choralarining zaifligi, shuningdek, amaliyotda bola huquqlari asosan deklarativ xarakter kasb etayotgani oʻrganilgan. …

Xoʻjamberdiyev Farrux Komilovich

Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori

Annotatsiya
Maqola Fransiya Respublikasining jamoat xavfsizligini ta’minlash modelini taqqoslov-huquqiy va institutsional tahlil qilishga bag‘ishlangan keng qamrovli ilmiy tadqiqot haqida bo‘lib, unda bu modelni O‘zbekiston Respublikasining huquqiy va ma’muriy voqeligi sharoitida transformatsiya qilish imkoniyatlari baholangan. Tadqiqotning metodologik asosi o‘zaro to‘ldiruvchi yondashuvlar majmuasini, jumladan, normativ-dogmatik tahlil, institutsional diagnostika, kontent-analitik protseduralar va normativ modellashtirish elementlarini o‘z ichiga oladi. Tahliliy konstruksiya doirasida markazlashgan boshqaruv bilan desentralizatsiya mexanizmlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqliklar, huquqni qo‘llash faoliyati tuzilmasida raqamli texnologiyalarni joriy etish, demokratik nazoratni institutsionalizatsiya qilish va jamoatchilikni jamoat xavfsizligini boshqarish subyekti sifatida jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Fransiya tajribasini umumlashtirish asosida O‘zbekiston huquq-tartibot tizimini takomillashtirishga doir konseptual asoslangan tavsiyalar ilgari surildi. …