DAVLAT XARIDIDA SHARTNOMA ERKINLIGI PRINSIPI: MAZMUNI VA CHEKLOVLARI
Kalit so‘zlar:
shartnoma erkinligi, davlat xaridlari, fuqarolik-huquqiy tartibga solish, qo‘shilish shartnomasi, shartnoma erkinligining cheklanishi, kuchsiz tomon himoyasi, yetkazib beruvchi, standart shartlarAnnotatsiya
Ushbu maqola davlat xaridlari sohasidagi shartnomaviy munosabatlarda shartnoma erkinligi prinsipining amal qilishi, uning mazmuni va cheklanish asoslarini fuqarolik-huquqiy nuqtayi nazardan tahlil qilishga bagʻishlangan. Tadqiqotning dolzarbligi shundaki, davlat xaridlari qonunchiligi tomonlarning irodasini oldindan belgilangan tartib-taomillar va standart shartlar bilan sezilarli darajada cheklaydi, bu esa fuqarolik huquqining asosiy tamoyillaridan biri bo‘lgan shartnoma erkinligi prinsipi bilan ziddiyatli holatni yuzaga keltiradi. Tadqiqotning maqsadi ushbu cheklovlarning huquqiy tabiati va chegaralarini aniqlash hamda kuchsiz tomonning (yetkazib beruvchi) manfaatlarini muvozanatlashtirish yo‘llarini asoslashdan iborat. Mazkur ishda qiyosiy-huquqiy, tizimli-strukturaviy va formal-yuridik tahlil metodlaridan foydalanilgan. Yevropa Ittifoqi hamda ayrim xorijiy mamlakatlar tajribasi va turli olimlarning doktrinal qarashlari o‘rganilgan. Tadqiqot natijasida davlat xaridi shartnomasi huquqiy tabiatiga ko‘ra qo‘shilish shartnomasiga xos belgilarga ega ekanligi, shartnoma erkinligi unda kontragentni tanlash va shartlarni belgilash qismida cheklanishi, biroq bu cheklovlar mutanosiblik va adolat mezonlariga javob berishi lozimligi asoslandi. Xulosalarda O‘zbekiston qonunchiligida yetkazib beruvchi tomonni himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish bo‘yicha bir nechta takliflar ilgari surildi.



