NEYROHUQUQLARNI MILLIY QONUNCHILIKKA IMPLEMENTATSIYA QILISH: SUNʼIY INTELLEKT DAVRIDA OʻZBEKISTON HUQUQ IJODKORLIGI SIYOSATINING USTUVOR YOʻNALISHLARI
Kalit so‘zlar:
sun’iy intellekt, huquq ijodkorligi, raqamli huquq, neyrohuquqlar, kognitiv erkinlik, neyroma’lumotlar, milliy qonunchilikAnnotatsiya
Mazkur maqolada sun’iy intellekt va neyrotexnologiyalar shiddatli rivojlanayotgan sharoitda insonning kognitiv erkinligi hamda mental maxfiyligini ta’minlash maqsadida neyrohuquqlarni O‘zbekiston milliy qonunchilik tizimiga implementatsiya qilish masalalari tadqiq etilgan. Tadqiqotning maqsadi an’anaviy huquqiy doktrinaning zamonaviy biotexnologik tahdidlarga bardoshliligini baholash va mamlakat huquq ijodkorligi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishdan iborat. Muammoning dolzarbligi neyrointerfeyslarning ommalashuvi natijasida neyroma’lumotlarning nazoratsiz yig‘ilishi hamda shaxs irodasiga algoritmik manipulyatsiya orqali ta’sir ko‘rsatish xavfining ortishi bilan izohlanadi. O‘rganish jarayonida falsafiy-huquqiy, rasmiy-dogmatik, qiyosiy huquqshunoslik va prognostik metodlardan foydalanilgan. Xalqaro tavsiyanomalar va xorijiy davlatlar tajribasi funksional tahlil qilingan. Natijada amaldagi shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik va raqamli texnologiyalarga oid yangi normativ hujjatlarda ongsiz faoliyat natijalarini himoya qilish bo‘yicha konseptual bo‘shliqlar mavjudligi aniqlandi. Olingan natijalar raqamli huquq, axborot xavfsizligi va qonun ijodkorligi amaliyotida keng qo‘llanishi mumkin. Xulosada konstitutsiyaviy normalarni huquqni qo‘llash amaliyoti orqali kengaytirish, qonunchilikda neyroma’lumotlarning avtonom huquqiy maqomini hamda fidutsiar modelni mustahkamlash, shuningdek, mehnat va jinoyat qonunchiligiga ixtisoslashgan cheklovlar kiritish bo‘yicha aniq yechimlar taklif qilingan.



