XALQARO DISTRIBYUTORLIK VA AGENTLIK SHARTNOMASI: O‘XSHASHLIKLAR VA FARQLAR
Kalit so‘zlar:
xalqaro distribyutorlik shartnomasi, xalqaro agentlik shartnomasi, distribyutor, agent, yetkazib beruvchi, vositachi, prinsipal, eksklyuziv huquqAnnotatsiya
Maqolada xalqaro distribyutorlik va agentlik shartnomalarining asosiy jihatlari, shuningdek, ular orasidagi o‘xshashlik va farqlar tahlil qilinadi. Tadqiqot predmetini xalqaro distribyutorlik va agentlik shartnomalarining huquqiy tartibga solinishi tashkil etadi. Tadqiqotning maqsadi ushbu shartnomalarning turli huquqiy tizimlardagi tartibga solinishiga xos xususiyatlarni aniqlash hamda ularning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida huquqiy mustahkamlash zarurligini asoslashdan iborat. Mavzuning dolzarbligi xalqaro savdo aloqalarining jadallashuvi, transchegaraviy faoliyatda vositachilik shartnomalarini aniq huquqiy tartibga solish zarurati, shuningdek, ushbu turdagi shartnomalar bo‘yicha qo‘llanadigan huquq va huquqiy normalarning O‘zbekiston amaldagi qonunchiligida mavjud emasligi bilan bog‘liq. Tadqiqot muammosi – xalqaro darajada yagona standartlarning yo‘qligi va milliy huquqiy tartibga solishdagi bo‘shliqlar, bu esa huquqni qo‘llashni qiyinlashtiradi va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun huquqiy noaniqlikni keltirib chiqaradi. Tadqiqot metodologiyasi Yevropa Ittifoqi, AQSh va Lotin Amerikasi mamlakatlarining qonunchiligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti, xalqaro tavsiyalar, model shartnomalar, shuningdek, ilmiy-nazariy manbalar asosida qiyosiy-huquqiy tahlil usuliga asoslandi. Sistemali, mantiqiy va formal-huquqiy tahlil metodlari qo‘llangan. Tadqiqot natijalari turli mamlakatlarda distribyutorlik va agentlik shartnomalarining tartibga solinishi borasida sezilarli farqlar mavjudligini ko‘rsatdi: Yevropa Ittifoqida agentlik shartnomalari 86/653/EEC Direktivasiga muvofiq qat’iy tartibga solinadi; AQShda distribyutorlar mustaqil tadbirkorlik faoliyatiga yaqin bo‘lgan erkinlikka ega; Lotin Amerikasi mamlakatlarida ushbu turdagi shartnomalarni qamrab oluvchi keng qamrovli qonunchilik mavjud. Shu bilan birga, distribyutorlik shartnomalarini xalqaro darajada tartibga soluvchi umumtan olingan standartlar yo‘qligi va agentlik shartnomalari bo‘yicha ham yetarli darajada yagona normalarning mavjud emasligi aniqlangan. Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati shundan iboratki, ularning asosida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish mumkin, xususan, Fuqarolik kodeksiga distribyutorlik va agentlik shartnomalarini tartibga soluvchi alohida boblarni kiritish orqali. Bu vositachilik munosabatlaridagi tomonlarning manfaatlarini himoya qilish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi. Tadqiqot xulosalari distribyutorlik va agentlik shartnomalarini milliy qonunchilikda qonuniy mustahkamlash zarurligini ta’kidlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga ushbu shartnomalarning tushunchasi, tuzish tartibi, tomonlarning huquq va majburiyatlari, bekor qilish tartibi va javobgarligi kabi jihatlarni tartibga soluvchi alohida boblarni kiritish taklif qilinmoqda. Shuningdek, xalqaro vositachilik shartnomalarida qo‘llanadigan huquqni aniqlashga doir normalarni to‘ldirish zarurati qayd etiladi. Xulosada muallif xalqaro distribyutorlik va agentlik shartnomalarining o‘ziga xosligi va xususiyatlarini aks ettiruvchi mualliflik ta’riflarini shakllantirdi.