SUD AMALIYOTIDA PROTSESSUAL MUDDATLAR BUZILISHI VA SUD QARORLARINI BEKOR QILISH
Kalit so‘zlar:
protsessual muddatlar, fuqarolik protsessi, sud amaliyoti, protsessual intizom, sud faoliyatining samaradorligi, huquqiy aniqlik, muddatlarni tiklashAnnotatsiya
Mazkur maqolada sud amaliyotida protsessual muddatlarning buzilishi holatlari va ularning sud qarorlarini bekor qilishga olib keluvchi omil sifatidagi ahamiyati tahlil qilingan. Tadqiqot ishida protsessual muddatlarga rioya qilmaslik sud ishlarini asossiz ravishda choʻzishga, protsessual huquqlarning cheklanishiga va natijada apellyatsiya va kassatsiya instansiyasida sud qarorlarining bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishiga olib kelishi asoslantirilgan. Tadqiqotning dolzarbligi sud amaliyotida ishlarni koʻrish muddatlarining buzilishi, oʻtkazib yuborilgan muddatlarni tiklash masalasiga yagona yondashuvning mavjud emasligi, shuningdek, protsessual normalarning bir xilda qoʻllanmasligi oqibatida sud qarorlarining barqarorligi yetarli darajada taʼminlanmayotganligi bilan izohlanadi. Tadqiqotning asosiy maqsadi protsessual muddatlarning buzilish sabablarini aniqlash va bunday buzilishlarning sud qarorlarini bekor qilishga taʼsirini ochib berish hamda sud amaliyotida protsessual intizomni mustahkamlashga qaratilgan ilmiy asoslantirilgan takliflar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqot jarayonida normativ-huquqiy tahlil, qiyosiy-huquqiy metod, sud amaliyotini oʻrganish, doktrinal tahlil usullaridan foydalanilgan. Maqolada protsessual muddatlar buzilishining tashkiliy, subyektiv va huquqiy omillari aniqlangan, sudyalarning ish yuklamasi, protsess ishtirokchilarining protsessual xatti-harakatlari, normativ-huquqiy aniqlikning yoʻqligi sud qarorlarini bekor qilishga olib keladigan asosiy sabablar sifatida tahlil qilingan. Germaniya va Niderlandiya sud amaliyoti bilan qiyosiy tahlil shuni koʻrsatadiki, sud qarorlarining barqarorligini taʼminlashda protsessual muddatlarga qatʼiy rioya qilish muhim ahamiyatga ega. Tadqiqot natijalari asosida protsessual muddatlarning raqamli monitoringi, muddatlarni tiklash mezonlarini aniqlashtirish, sudyalarning ish yuklamasini optimallashtirish, protsessual suiisteʼmolliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga oid takliflar ilgari surilgan. Mazkur xulosalar sud amaliyotini takomillashtirish va sud qarorlarini bekor qilishni kamaytirishga xizmat qilishi mumkin.