INTERNETDA SO‘Z ERKINLIGI: KONSTITUTSIYAVIY KAFOLATLAR VA UNI AMALGA OSHIRISHNING HUQUQIY CHEGARALARI
Kalit so‘zlar:
internet, so‘z erkinligi, axborot erkinligi, konstitutsiyaviy huquqlar, axborot xavfsizligi, zararli kontent, ekstremizm, terrorizm, shaxsiy hayot daxlsizligi, jamoat axloqiAnnotatsiya
Mazkur maqolada Internet tarmog‘ida so‘z erkinligi va axborot erkinligini ta’minlashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari, ushbu huquqni amalga oshirishning qonuniy chegaralari hamda zamonaviy raqamli makonda yuzaga kelayotgan huquqiy muammolar kompleks tahlil qilinadi. Tadqiqotda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasida mustahkamlangan axborotni izlash, olish, saqlash, undan foydalanish va uni tarqatish huquqining mazmuni, shuningdek, ushbu huquqni milliy xavfsizlik, jamoat tartibi, jamoat axloqi, aholi sog‘lig‘i va boshqa shaxslarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilish maqsadida qonun bilan cheklashning huquqiy asoslari yoritilgan. Maqolada Internetning transchegaraviyligi, anonimligi va axborot almashinuvi tezligi kabi o‘ziga xos xususiyatlari sababli yuzaga kelayotgan huquqiy xavf-xatarlar, jumladan, ekstremistik materiallar, terrorizmni targ‘ib qiluvchi axborotlar, bolalar pornografiyasi, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni targ‘ib etuvchi kontent, kibersuitsidga undovchi materiallar, yolg‘on axborot hamda shaxsiy hayot daxlsizligini buzuvchi ma’lumotlarning tarqalishiga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlari tahlil etilgan. Shuningdek, xalqaro huquq normalari, rivojlangan davlatlar tajribasi hamda xalqaro tashkilotlar yondashuvlari asosida Internetda so‘z erkinligini ta’minlash bilan axborot xavfsizligini mustahkamlash o‘rtasidagi mutanosiblik masalalari yoritilgan. Tadqiqot yakunida O‘zbekiston Respublikasida raqamli makonda so‘z erkinligini ta’minlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini kafolatlash va zararli kontentga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy xulosalar hamda takliflar ilgari surilgan.



