JSTNING UMUMIY ISTISNOLARIDAGI “ZARURAT” TESTI: RIVOJLANAYOTGAN MAMLAKATLAR UCHUN ISBOTLASH YUKINING ASIMMETRIYASI
Kalit so‘zlar:
tartibga solish avtonomiyasi, JSTning umumiy istisnolari, “zarurat” testi, Tari�lar va savdo bo‘yicha bosh bitim, Xizmatlar savdosi bo‘yicha bosh bitim, isbotlash yuki, rivojlanayotgan mamlakatlar, O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishiAnnotatsiya
Maqolada 1994-yildagi Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitimning XX moddasi hamda Xizmatlar savdosi bo‘yicha bosh bitimning XIV moddasida mustahkamlangan JST umumiy istisnolari doirasida davlatlarning tartibga solish avtonomiyasini cheklovchi asosiy vosita sifatida “zarurat” testining (necessity test) huquqiy tabiati tadqiq etiladi. Ushbu testni rivojlanayotgan davlatlar tomonidan qabul qilinadigan chora-tadbirlarga nisbatan qo‘llashda yuzaga keladigan tarkibiy asimmetriyalar tahlil predmetini tashkil etadi. Mavzuning dolzarbligi shundan iboratki, O‘zbekiston Respublikasi 2026-yil 26–30-mart kunlari Kamerunning Yaunde shahrida bo‘lib o‘tgan 14-Vazirlar konferensiyasida JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlay olmagan holda a’zolikni rasmiylashtirish oldidan qo‘shimcha tayyorgarlik davriga kirdi. Bu esa himoya huquqiy strategiyasini chuqur ishlab chiqish uchun noyob imkoniyat yaratadi. Tadqiqotning metodologik asosi qiyosiy-huquqiy, formal-yuridik va pretsedent-tahliliy usullardan iborat; empirik bazasini esa JST Nizolarni hal etish organining hakamlik guruhlari va Apellyatsiya organining US – Gambling (DS285), Brazil – Retreaded Tyres (DS332) hamda China – Publications and Audiovisual Products (DS363) ishlariga doir ma’ruzalari tashkil etadi. Shaklan neytral bo‘lgan “o‘lchash va muvozanatlash” testi tuzilmasi amaliyotda institutsional va ekspertlik infratuzilmasi zaif bo‘lgan davlatlar uchun ancha og‘ir tizimli dalillash majburiyatini yuzaga keltirishi aniqlangan. Rasmiy a’zolikkacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining muzokaralardagi va protsessual pozitsiyasini mustahkamlash, jumladan, majburiyatlar ro‘yxatini takomillashtirish bosqichida tartibga solish doirasini zaxiralash strategiyasi bo‘yicha takliflar shakllantirilgan. Maqola xulosalaridan JST normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishda norma ijodkorligi faoliyatida, shuningdek, ilmiy-pedagogik sohada foydalanish mumkin.



