DAVLAT BOSHQARUVIGA KORRUPSIYAVIY OMILLARNING TA’SIRI
Kalit so‘zlar:
shaffoflik, davlat boshqaruvi, institutsional samaradorlik, fuqarolar ishtiroki, mexanizmlar, huquqiy savodxonlik, funksional chora-tadbirlarAnnotatsiya
Ushbu maqolada korrupsiyaning kuchayib borayotgan global ahamiyati hamda uning demokratiya, inson huquqlari va barqaror rivojlanish maqsadlariga salbiy ta’siri yoritilgan; adabiyotlar sharhi va ikkilamchi ma’lumotlar tahlillaridan foydalanib, korrupsiyaning tarqalishi, uning turli shakllari va ayniqsa, davlat boshqaruvidagi oqibatlariga alohida e’tibor qaratilgan; korrupsiyaning jamiyat ishonchini susaytirishi, institutsional samaradorlikni pasaytirishi, resurslarni noto‘g‘ri taqsimlashi va sog‘liqni saqlash kabi muhim sohalarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi o‘rganilgan. Tadqiqotda, shuningdek, halollik madaniyatini shakllantirish, jamoatchilik xabardorligini oshirish hamda davlat xizmatlarida shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlashning muhimligi kabi masalalar tahlil qilingan. Korrupsiyaning davlat boshqaruvi samaradorligi bilan o‘zaro aloqasini baholash, uning davlat boshqaruvi institutlariga ta’siri va davlat xizmatlari ko‘rsatishda qanday salbiy oqibatlar olib kelishi bayon etilgan. Shu bilan birga, maqolada tizimli islohotlar, shaffoflik, hisobdorlik, davlat xizmatchilari axloqiy kodeksini tubdan takomillashtirish va korrupsiyani samarali tarzda bartaraf etishga qaratilgan boshqa sa’y-harakatlar zarurligi ta’kidlangan. Bu yoshlar orasida axloqiy qadriyatlar va halollik madaniyatini shakllantirishning asosiy shartlaridan biridir. Bundan tashqari, maqolada rivojlangan va kurrupsiyadan xoli mamlakatlar misolida korrupsiyaga qarshi kurashish qat’iy qonunlar hamda hamjihatlikdagi sa’y-harakatlar orqali amalga oshirilishi qayd etilgan; korrupsiyaning nafaqat jamoatchilikni tashvishga soluvchi muammo, balki zaif boshqaruv, beqarorlikning kuchayishi va umumiy iqtisodiy qiyinchiliklarga sabab bo‘luvchi omil ekanligi aniq misollar asosida keltirilgan.