INSON HUQUQLARI AVLODLARI NAZARIYASINING RIVOJLANISHI: AN’ANAVIY HUQUQLARDAN RAQAMLI HUQUQLARGA O‘TISH MASALALARI
Kalit so‘zlar:
inson huquqlari, huquqlar avlodlari, Karel Vasak, uchinchi avlod huquqlari, raqamli huquqlar, globallashuv, huquqiy doktrinaAnnotatsiya
Ushbu maqolada inson huquqlarini avlodlarga ajratish nazariyasining shakllanishi, rivojlanish bosqichlari hamda uning zamonaviy talqinlari kompleks tarzda tahlil qilingan. Tadqiqot fransuz huquqshunosi Karel Vasak tomonidan ilgari surilgan uch avlod konsepsiyasiga asoslanib, fuqarolik va siyosiy huquqlar, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar hamda birdamlik huquqlarining huquqiy tabiati va ularni ta’minlash mexanizmlarini ochib beradi. Maqolada uchinchi avlod huquqlarining kollektiv xarakteri, ularning subyekti, mazmuni va huquqiy majburiyatlari yuzasidan mavjud nazariy bahslar alohida ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, raqamlashtirish jarayonlari va to‘rtinchi sanoat inqilobi sharoitida shakllanayotgan raqamli huquqlarni inson huquqlarining mustaqil to‘rtinchi avlodi sifatida e’tirof etish masalasiga tanqidiy yondashuv bildiriladi. Muallif raqamli huquqlarni mavjud inson huquqlarining raqamli muhitdagi amalga oshirilish shakli sifatida talqin qilish ilmiy jihatdan asosliroq ekanini asoslaydi hamda ushbu yo‘nalishda keyingi tadqiqotlar uchun muhim ilmiy xulosa va takliflarni ilgari suradi. Shuningdek ushbu yo‘nalishda kelgusidagi tadqiqotlar uchun muhim ilmiy xulosalar va takliflarni ilgari suradi. Tadqiqotda qiyosiy-huquqiy, tarixiy va tizimli tahlil metodlaridan foydalanilgan bo‘lib, xalqaro huquq hujjatlari va yetakchi huquqshunoslarning ilmiy qarashlari chuqur o‘rganilgan.