SHAXSGA DOIR MAʼLUMOTLAR TOʻGʻRISIDAGI QONUNCHILIKNI BUZGANLIK UCHUN JINOIY JAVOBGARLIK BELGILASHNING IJTIMOIY ZARURIYATI
Choriyev Anvar Qoʻziyevich
Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi
Muallif haqida ma'lumot
Annotatsiya
Ushbu maqolada muallif shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish masalasini bugungi raqamli jamiyatdagi eng muhim va dolzarb mavzulardan biri sifatida yoritadi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi insonning shaxsiy hayoti, xususan, shaxsiy maʼlumotlar xavfsizligiga jiddiy tahdidlar tugʻdirayotgani taʼkidlanadi. Elektron hujjatlar, raqamli platformalar va internetdagi maʼlumotlar bazalari fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlarini qayta ishlash, tarqatish, oʻzgartirish va noqonuniy foydalanish imkoniyatlarini kengaytirib bormoqda. Muallif shaxsiy maʼlumot tushunchasining mazmunini ochib berib, ularni toʻplash, saqlash, tarqatish va yoʻq qilish jarayonlari nafaqat fuqarolik-huquqiy va maʼmuriy munosabatlarni, balki jinoyat-huquqiy sohani ham qamrab olayotganini koʻrsatadi. Bugungi kunda kiberfiribgarlik, tovlamachilik, shaxsni qalbakilashtirish hamda shaxsiy maʼlumotlarning sizib chiqishi bilan bogʻliq holatlar koʻpayib borayotgani alohida qayd etiladi. Shuningdek, shaxsga doir maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yoʻq qilish, axborot texnologiyalari, jumladan, Internet orqali ulardan foydalanish Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlariga jiddiy xavf tugʻdirishi mumkinligi taʼkidlanadi. Bunda shaxsiy maʼlumotlarga ishlov berish faqat davlat reyestrida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan maʼlumotlar bazalarida hamda Oʻzbekiston hududida joylashgan texnik vositalarda amalga oshirilishi lozimligi qayd etiladi. Ushbu talablarga rioya qilmaslik esa javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin. Muallif, shuningdek, shaxsiy maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilashning ijtimoiy zaruriyatini ham asoslab beradi.
Kalit so'zlar
shaxsga doir maʼlumotlar, qonunchilikni buzish, noqonuniy yigʻish, saqlash, foydalanish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish, yoʻq qilish