VOYAGA YETMAGANGA YETKAZILGAN ZARAR UCHUN JAVOBGARLIKNING FUQAROLIK-HUQUQIY MASALALARI

Mahmudxodjayeva Umida Muminovna

Toshkent davlat yuridik universiteti Fuqarolik huquqi kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Muallif haqida ma'lumot
Annotatsiya
Maqolada voyaga yetmagan shaxslarning sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun javobgarlikning fuqarolik huquqiy jihatlari oʻrganildi. Xususan, javobgarlikni belgilashda voyaga yetmagan shaxsning yoshi, aqliy rivojlanishi, muomalaga layoqatlilik darajasi, shuningdek, ular uchun javobgar boʻlgan shaxslar (ota-ona, vasiy, homiy, farzandlikka oluvchilar va boshqalar)ning masʼuliyatini aniqlash masalalari koʻrib chiqildi. Fuqarolik huquqida voyaga yetmagan shaxslarga yetkazilgan zarar uchun kim, qay holatlarda va qanday tartibda javobgar boʻlishi aniq belgilangan boʻlsa-da, amaliyotda qator murakkab masalalar yuzaga kelayotgani mavzuning dolzarbligini belgilaydi. Ushbu holatlarni nazariy va amaliy tahlil etish jarayonida qiyosiy tahlil, nazariy modellashtirish, induksiya va umumlashtirish usullari qoʻllandi. Shaxsning oʻz xatti-harakatlari natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik layoqatini aniqlashda muomala layoqati katta ahamiyatga ega. Chunki muomala layoqatining elementlaridan biri – delikt layoqati shartnomadan tashqari zarar uchun javobgarlik layoqatidir. Muallif javobgarlikni belgilashda voyaga yetmagan shaxsning yoshi, aqliy rivojlanishi, muomalaga layoqatlilik darajasi, shuningdek, ular uchun javobgar boʻlgan shaxslar (ota-ona, vasiy, homiy, farzandlikka oluvchilar va boshqalar)ning masʼuliyatini aniqlashni fuqarolik huquqi nuqtayi nazaridan tahlil qiladi. Xulosada voyaga yetmaganlarning sogʻligʻiga yetishi mumkin boʻlgan zararlarning qonunchilikda koʻrsatilmagan turlari ham amaliyotda vujudga kelib ulgurganini taʼkidlab, milliy qonunchilikni takomillashtirishga oid taklif va xulosalarini ilgari suradi.
Kalit so'zlar
voyaga yetmagan bola, delikt majburiyat, gʻayriqonuniy xatti-harakat, sababiy bogʻlanish, aybning mavjudligi, zarar uchun javobgarlik, moddiy zarar, mulkiy zarar, kompensatsiya