JAMIYATNI RAQAMLASHTIRISH JARAYONIDA BIOMETRIK MA’LUMOTLARNING XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH MASALASI
Yugay Lyudmila Yurevna
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Muallif haqida ma'lumot
O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasining Oliy ta’limdan keyingi ta’lim fakulteti doktoranti
Annotatsiya
Tadqiqot mavzusi jamiyatni raqamlashtirish sharoitida shaxsni identifikatsiya va verifikatsiya qilish jarayoniga biometrik ma’lumotlarga asoslangan innovatsion texnologiyalarning joriy etilayotgani sababli dolzarb sanaladi. Bundan tashqari, ma’lumotlarning kriminalistik biometrik bazalari shaxsi aniqlanmagan jasadlar, jinoyat sodir etgan shaxslar, qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha muhim vazifalarni ham hal etadi. Butun dunyoda shaxsga doir biometrik ma’lumotlarning yo‘qolishi va o‘g‘irlanishi holatlarining ko‘payishi sababli ularning himoyasini ta’minlash darajasini oshirish zarurligi belgilandi. Tadqiqotning maqsadi – biometrik ma’lumotlarning ahamiyati va tasnifini o‘rganish, biometrik ma’lumotlar aylanmasi, biometrik ma’lumotlar xavfsizligiga oid xavflar va tahdidlar sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni yoritishdan iborat. Tadqiqotda tizimli-tarkibiy, qiyosiy-huquqiy va statistik tahlil usullari, ilmiy bilimlarning rasmiy-mantiqiy, umumilmiy va aniq ilmiy usullaridan foydalanildi. Olib borilgan izlanishlar natijasida mamlakatimiz hamda xorijlik olimlar va amaliyotchilarning turli ishlarini ko‘zdan kechirish asosida biometrik ma’lumotlarni ijtimoiy hayotimizning turli sohalarida qo‘llash, shuningdek, biometrik ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlashning texnik, tashkiliy va huquqiy jihatlari kabi masalalar ko‘rib chiqildi. Tadqiqot natijalarini biometrik ma’lumotlar aylanmasi bilan bog‘liq faoliyatda, sud-ekspertiza amaliyotida, ta’lim muassasalari va sud ekspertlarining malakasini oshirish kurslari mashg‘ulotlarida qo‘llash mumkin. Biometrik ma’lumotlar bazasining xavfsizligini ta’minlash darajasini takomillashtirish, biometrik modallikning har xil turlarini integratsiya qilish, tashqi noqonuniy ta’sirlardan himoya qilish maqsadida biometrik tizimlarni izchil sinovdan o‘tkazish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.
Kalit so'zlar
biometrik texnologiyalar; shaxsga doir ma’lumotlar; axborot xavfsizligi; biometriya; ma’lumotlar bazasi.
Iqtibos uchun
For citation: